Dilshod HasanovPortfolio © 2026
DH0
Asosiy qismga o'tish
Barcha maqolalar

Next.js 16 da uch tilli portfolio: nimalarni o'rgandim

2 daqiqa o'qish

Shaxsiy saytimni qanday qurganim haqida: i18n va proxy.ts, miltillashsiz dark mode, bir martalik preloader va sahifalar orasidagi View Transitions.

Shaxsiy sayt — dasturchining vizit kartasi. Uni qurishda o'zimga bitta shart qo'ydim: sayt tez, uch tilda va tirik bo'lishi kerak. Quyida shu yo'lda Next.js 16 bilan qanday yechimlarga kelganimni yozaman.

1. Uch til: [lang] segmenti va proxy.ts

Har bir sahifa /uz, /en yoki /ru bilan boshlanadi. Buning uchun butun ilova app/[lang] papkasiga joylashgan, generateStaticParams esa uchala tilni oldindan yig'ib qo'yadi — natijada har bir sahifa statik HTML bo'lib chiqadi.

Foydalanuvchi shunchaki dilshod-hasanov.uz ga kirsa, uni qaysi tilga yuborish kerak? Next.js 16 da buni proxy.ts (avvalgi middleware) hal qiladi: brauzerning Accept-Language sarlavhasini o'qib, eng mos tilga yo'naltiradi.

Matnlar esa komponentlar ichida emas, alohida lug'at fayllarida turadi. TypeScript inglizcha lug'atdan tip oladi, shuning uchun o'zbekcha yoki ruscha tarjimada bitta kalit tushib qolsa ham, loyiha yig'ilmaydi.

2. Dark mode — miltillashsiz

Dark mode'ning eng keng tarqalgan muammosi: sahifa avval oq ochiladi, keyin bir lahzada qorayadi. Buning oldini olish uchun mavzu React ishga tushishidan oldin tanlanishi kerak. <head> ichidagi kichik skript aynan shuni qiladi:

var t = localStorage.getItem("theme");
if (t !== "light" && t !== "dark")
  t = matchMedia("(prefers-color-scheme: dark)").matches ? "dark" : "light";
document.documentElement.dataset.theme = t;

Ranglar CSS o'zgaruvchilarida saqlanadi. Dark rejimda "siyoh" va "qog'oz" ranglari shunchaki o'rin almashadi — shuning uchun alohida dark-stillar yozish deyarli kerak bo'lmadi.

Tugmaning holatini esa useEffect bilan emas, useSyncExternalStore bilan o'qiyman: mavzu <html> atributida yashaydi, React uchun bu tashqi "store".

3. Preloader — faqat bir marta

Chiroyli preloader birinchi tashrifda yoqimli, lekin har safar kutib o'tirish zeriktiradi. Shu sababli u sessionStorage ga belgi qo'yadi va o'sha sessiyada qayta ko'rinmaydi. Hero'dagi animatsiyalar esa kontekst orqali preloader tugashini kutadi — parda ko'tarilayotgan paytda ism harflari birin-ketin chiqib keladi.

4. Kartadan sahifaga "uchib o'tish"

Loyiha kartasini bosganingizda u kattalashib, loyiha sahifasining muqovasiga aylanadi. Bu uchun hech qanday og'ir kutubxona kerak bo'lmadi: React'ning <ViewTransition> komponenti ikkala sahifadagi bir xil nomli elementlarni topadi va brauzerning View Transitions API'si orqali ular orasida animatsiya qiladi.

5. Mayda detallar katta farq qiladi

  • Tugmalar sichqonchaga "magnitdek" tortiladi.
  • Kursor havolalar ustida kattalashadi, loyihalar ustida "Ko'rish" deb yozadi.
  • Skills lentasi scroll tezligiga qarab tezlashadi va yo'nalishini o'zgartiradi.
  • Qurilmada "harakatni kamaytirish" yoqilgan bo'lsa, bu effektlarning barchasi o'chadi.

Oxirgi band eng muhimi: animatsiya foydalanuvchiga xizmat qilishi kerak, aksincha emas.


Loyiha ustida ishlash davom etmoqda. Savollaringiz bo'lsa yoki shunga o'xshash sayt kerak bo'lsa — Telegramda yozing.